XX asrning boshlarida Germaniyada o‘qigan turkistonlik talabalar

From Uyghurpedia- Uyghur Énsiklopédiyisi
Jump to: navigation, search

Uyghur Énsiklopédiyisige Iane Qiling Uyghur Énsiklopédiyisi

XX asrning boshlarida Germaniyada o‘qigan turkistonlik talabalar


This entry was posted in Olmoniya Tarixdan hikoyalar on Fevral 15, 2016 by Nilufar (updated on February 28, 2016)

“Jannatmakon bobomiz Amir Temurning ruhi poklarini shafe’ keltirib qasamyod qilingizkim, a’lo o‘qib, komil inson bo‘lib yetishgaysiz. Hamisha, har qanday sharoitda ham ona Vatanimiz – jafokash Turkistonga, xalqimizga, millatimizga sadoqat bilan xizmat qilgaysiz.”

(Bir qator tolibi ilmlar xorijga qilinajak ilm safari oldidan Temur sag‘anasi poyida qabul qilgan qasamyodidan (Mahmudov Sh., Sultonov X., 1998))



1884-yilda ilk “jadid” (ya’ni “yangi usul”) maktablarini tashkil qila boshlagan Ismoilbek Gaspiralining (1851-1914) Turkiston o‘lkasiga qilgan tashrifi orqali Toshkent, Samarqand, Buxoroda zamonaviy maktablar o‘z faoliyatini boshladi. “Milliy uyg‘onish” nomi bilan ham tarix sahifalarida muhrlanib qolgan jadidchilik harakati (Gaspirali, 1996, 3-s.) g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan ushbu maktablarda Munavvar Qori Abdurashidxon o‘g‘li, Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon, Abdurauf Fitrat, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulqodir Shakuriy kabi elning fidoyi farzandlari faoliyat yuritar edilar. XX asrning 20-yillari boshida Buxoroda xalq jumhuriyatining tashkil etilishi bilan ushbu jadidchilik maktablarining asosiy g‘oyalaridan bo‘lmish – yosh iqtridorli yoshlarni zamonaviy ilmlarni egallashlariga keng yo‘l ochib berish maqsadida chet elga yuborish harakatlariga ilk qadamlar qo‘yildi.

Jumaladan, 1922-yilda Yevropa fan-texnikasini quvib yetish va o‘zib ketish vazifasi topshirilgan (Turdiev, 1992) 32 nafar talabani o‘zida jamlagan ilk guruh Germaniyaga ilm safariga otlandi. Ular safar oldidan Amir Temur sag‘anasi oldida mutaxassis bo‘lib yetishib, xalq ravnaqiga hissa qo‘shishga qasamyod qilishdi. 1922-1923-yillar orasida Buxoro Xalq Sovet Respublikasi, Xorazm Xalq Sovet Respublikasi va Turkiston Avtonom Sovet Respublikalari hukumatlari tomonidan amalga oshirilgan ushbu istiqbolli harakat asosida Germaniyada tahsil olish uchun jo‘natilgan jami 74 nafar talabaning 56 tasi Buxoro jumhuriyatidan, 16 tasi Turkiston jumhuriyatidan, 2 talaba esa Xiva jumhuriyatidan edi (Ibrohimov, 1993).

Ushbu yangilikni uzoqlarda qarshilagan Berlin oliy ziroat akademiyasida tahsil olib kelayotgan talaba Abdulvahob Murodiy o‘z sevinchini “Olmoniyadan xat” nomli maktubida mana bunday izhor etgan:


“Toshkentdan kelgan bir xatda Yevropaga talaba yubormoq uchun ziyolilarning bir uyushmasi tuzilganligini o‘qib, terimga sig‘maydigan darajada sevindim. Bir yildirkim, Yevropada yashamoqdaman. Ilm-ma’rifatda Yevropaning birinchisi bo‘lgan Germaniya dorilfununlariga butun dunyodan, hatto tatarlardan o‘nlab, turklardan esa minglab talabalar bo‘lgani holda bizning Turkistondan mendan boshqa talaba bo‘lmasligi yuragimni parchalamoqda, boshqalarga hasad sezgisi uyg‘otmoqda edi. Mana sizlarning bu xayrli, muborak tashabbusingiz yillardan beri kulmagan ko‘nglimni kuldirdi va ruhimga jon berdi” (Turdiev, 1992).

Abduvahob Murodiy o‘z kundaliklarida ta’kidlashicha, Germaniya Yevropa davlatlari orasida eng yaqini hisoblangani hamda sho‘rolar hukumatining Germaniya bilan yaxshi aloqada bo‘lishi yanada ko‘plab talabalarni ushbu yurt bilim dargohlari sari chorlardi. O‘sha davr ziyolilari, ma’rifatparvar boylari Abdulvahob Murodiyni Turkistonning ma’naviy-ma’rifiy ravnaqi yo‘lida munosib hissa qo‘shadigan mutaxassis bo‘lib yetishishidan umid qilib, Turkiston talabalari orasidan birinchilardan bo‘lib xorijga o‘qishga yuborishgani ham keyinchalik ma’lum bo‘lgan (Turdiev, 1992).


Adabiyotshunos olim, filologiya fanlari nomzodi Sherali Turdiev o‘zlarining ko‘p yillik samarali mehnatlari natijasida biz yuqorida raqamlar orqali qayd etib o‘tgan talabalar haqida to‘liqroq ma’lumotlar to‘plab, “Ular Germaniyada o‘qigan edilar” nomli kitob nashr etdilar. O‘zbekkino Davlat Aksionerlik tashkiloti esa bu taqdirlarni shu nom ostidagi hujjatli videofilmda yanada jonlantirishga erisha oldi. XX asrning 30-50 yillarida olib borilgan mash’um qatag‘on siyosati haqida izlanishlar olib borganlar orasida adabiyotshunoslardan akademik Izzat Sulton, Salohiddin Mamajonov, O‘zbekiston Qahramoni Ozod Sharafiddinov, professorlardan Naim Karimov, Ahmad Aliev, Sobir Mirvaliev, Begali Qosimov, Hamidulla Boltaboev, Shuhrat Rizaev, filologiya fanlari nomzodlari Sirojiddin Ahmad, Ortiqboy Abdullaev, Boybo‘ta Do‘stqoraev, tarixchi olimlardan akademik Bo‘riboy Ahmedov, professorlar Hamid Ziyaev, Dilorom Alimova, Fayzulla Ishoqov, Rustam Shamsiddinov, Baxtiyor Hasanov, Qahramon Rajabov va boshqalar faol ish olib borganliklarini olim Sherali Turdiyev o‘zining “Tarixga yangicha nazar” nomli maqolasida (2009) ta’kidlab o‘tgan. Bundan tashqari, Turkistonlik talaba yoshlarning Germaniyadagi ta’lim jarayoni haqida o‘lkaning turli shaharlaridagi kutubxonalar, universitetlarida hamyurtlarimiz va xorijlik mutaxassislar tomonidan ilmiy izlanishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Berlin Universiteti Markaziy Osiyo institutining professori Ingeborg Baldauf xonim bu borada samarali tadqiqotlar olib bormoqda (Mahmudov Sh., Sultonov X., 1998).

Sanab o‘tilgan manbalarga tayanib shuni aytishimiz mumkinki, Turkistondan ilm ilinjida safarga otlangan talabalar Olmoniyaning Berlin, Drezden, Haydelberg, Bonn, Darmshtat kabi shaharlarida mashinasozlik, elektrotexnika, kimyo, to‘qimachilik sanoati, qishloq xo‘jaligi, tibbiyot, tarix, falsafa, pedagogika, genetika, muhandislik kabi sohalarda bilim oldilar.


Quyida ushbu talabalardan ayrimlarining Germaniyadagi ilmiy va ijtimoiy hayot yo‘li, ta’lim safaridan keyingi taqdirlari haqida to‘xtalib o‘tamiz.


Manba: "Ular Germaniyada o‘qigan edilar" filmi

Sattor Jabbor Manba: «Ular Germaniyada o‘qigan edilar» filmi


Sattor Jabbor.


1905-yilda Toshkentda tug‘ilgan. 1917-1921-yillarda namuna maktabida o‘qigan. 1925-yilgacha Berlinda, 1925-27-yillarda Haydelberg Universitetida, 1928-1931-yillarda Berlin universitetining kimyo institutida tahsil olgan. 1931-yil O‘zbekistonga qaytgan. «Kimyo fanlari nomzodi» ilmiy darajasiga erishgan. 20 dan ziyod ilmiy ish yozgan, kimyo atamalarining nemischa-ruscha-o‘zbekcha lug‘atini tuzgan. «Tabiat dialektikasi» asarini nemis tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilgan. 1938-yil 9-oktabrda otishga hukm qilingan (Mahmudov Sh., Sultonov X., 1998).

Yuqorida ma’lumotlar keltirilgan film(“Ular Germaniyada o‘qigan edilar”)da Sattor Jabbor ilk safar taassurotlarini tasvirlab yozgan quyidagi kundalik bitiklari ham keltirilgan:


“(19)22-yilning so‘nggi oylarida Germaniyaga kelgach, yaxshi kutib olindik. Har qanday nemis bizni oilasiga qo‘shib olish uchun eshiklarini ochib berdi. Oddiy muallimidan boshlab doktori, professori til o’rganishimiz uchun qo‘lidan kelgan yordamini ayamadi. Germanlar dunyoni sevganlari kabi Turkistonga ham juda ham qiziqar edilar. Ko‘zimiz bilan ko’rganimiz uchun bu yerda ochiq aytishimiz kerakki, ular mamlakatimizni, tariximizni, istiqbolimizni bir turkistonlikdan ortiq biladurlar, taniydurlar. Yurtimiz to‘g‘risida biz uchun eng muhim bo‘lg‘on kitoblar yozib, boshqa tillardan ham tarjima qilg‘onlar. Yana biz uchun unutilmas bir yaxshilik qildilarki, turkchamizni Ovropa tillari qatoriga qo‘shdilar. O‘rta maktab imtihonlarida fransuzcha yoki inglizcha o‘rnida o‘z ona tilimizda sinash beramiz.”

Sattor Jabborning shogirdi akademik Yolqin To‘laqulov ustozini serma’no fikrli, faol, vatanparvar, fidoyi inson sifatida xotirlaydi. O‘zbekiston tarixi, iqtisodiyoti, boyliklari haqida ko‘p bilimga ega inson bo‘lganligini ham ta’kidlaydi. “Domla umumiy guruh talabalariga o‘zbek tilida dars o‘tardi”, – deya Sattor Jabbor haqida so‘zlaydi akademik Yolqin To‘laqulov, – “Bu esa rus talabalariga yoqmagan. Shuning uchun bu “millatchi” deb tegishli idoralarga yozishgan. Kecha ishlab turgan kishi bugun yo‘q bo‘lib qoladi (Mahmudov Sh., Sultonov X., 1998).»

O‘rxon Jabbor (Sattor Jabborning o‘g‘li) otasi olib ketilgan o‘sha kun haqida quyidagilarni so‘zlaydi: Ayamlarning aytishlaricha, uch kishi kelishgan – Galyatunin degan guvoh, yana ikki kishi. So‘roq boshlanganda dadam aytdilarki: – Men rus tilida uncha yaxshi bilmayman, men nemis tilida javob berishim mumkin. Shuning uchun tarjimonni ham olib kelishgan. Ayamlarga “mening aybim yo‘q”, deb aytganlar. Lekin “Выясним (Aniqlaymiz)”, – deb olib ketishgan. Shu bilan yo‘q bo‘lib ketdilar. Undan keyin ayamni ham olib ketishgan. Bilmayman nima bo‘ldi-yu, ayamni qo‘yib yuborib, orqasidan tog‘amni, keyin xolam(ayamning singillari)ni ham olib ketishgan. Bu yog‘i hammada ham qiyinchiliklar bir xil bo‘lgan – uylarimizdan chiqarib yuborishgan, talaba onamni universitetdan haydashgan. 1945-yilda kompartiyaga a’zo bo‘lgan bo‘lsalar ham, imtiyozlari cheklangan a’zo sifatida eng og‘ir ishlarga jalb qilinganlar. Kechlari bo’lsa ham chiqib ketishardi. Yana bizning uyda doim adamning rasmi turardi, partiya yig‘ilishlari bo‘lganda, (endi har qanday odam bo‘ladi, yoki shunaqa buyruq berishganmi?!) aytishardiki: – Она не только жена врага народа, у нее и висеть портрет врага народа на сцене (Bu ayol nafaqat xalq dushmanining rafiqasi, balki devorda xalq dushmanining suratini ham osib qo‘yibdi – tarjima muallifniki), – deyishganida, ayamlar ancha sho‘x, mard ayol bo‘lganlar, chiqib aytardilar: – Да, он враг народа, но он отец моих сыновей, мои синовей должен его знать (U xalq dushmanidir, lekin u o‘g‘illarimning otasi, o‘g‘illarim otasini tanishi kerak – tarjima muallifniki) (Mahmudov Sh., Sultonov X., 1998).

“Keyinchalik surishtirishlardan ma’lum bo‘lishicha”, – deya hikoyasini davom ettiradi O‘rxon Jabbor o‘z intervyusida – “adam torgina bir xonachada Ziyo Said degan rejissyor bilan o‘tirishgan. Kimyoviy formulalarni devorga qalam bilan, qalamning uchi sinib ketsa, qon bilan yozgan ekanlar. Derazachaga qarab Shillerning she’rlarini nemischa aytgan ekanlar.”


Manba: "Ular Germaniyada o‘qigan edilar" filmi

Xayriniso Majidxonova Manba: «Ular Germaniyada o‘qigan edilar» filmi


Xayriniso Majidxonova


Hayot yo’lini so’zlab bermoqchi bo’lganimiz, biz yuqorida ta’kidlab o‘tgan yoshlarning dunyo ilmini o‘rganishga qaratilgan harakatning ilk qatnashchilaridan yana biri – Xayriniso Majidxonova. U 1905-yilda Toshkentda ma’rifatparvar oilada tug‘ilgan. Xayriniso Majidxonova 1922-yil Germaniyaga o‘qishga ketgan talabalar orasidagi ikkita qizlardan biri edi. U 1924-28-yillarda Darmshtadtdagi o‘qituvchilar tayyorlash maktabida, keyin Berlindagi tibbiyot kurslarida o‘qigan. 1928-yili O‘zbekistonga qaytgan. 1937-yil 15-sentabr kuni qamoqqa olingan.

Otasi o‘qimishli inson bo‘lgani uchun ham Turkiston yoshlaridan birinchilardan bo‘lib o‘z qizini xorijda o‘qish imkoniyatini yaratayotganida tuygan faxr tuyg‘usini shunday tasvirlagan:


Bilim uchun uzoq ellarga birinchi o‘zbek qizini yuborish sharafi, shukrlar bo‘lsinkim, menga nasib bo‘lmish. Hozir men shu munosabat bilan har yerdan qutlash xatlari olmoqdaman. Ularning hammasiga birdan, ayniqsa, qizg‘in tuyg‘ulari bilan qutlagan Maskov va Bokudagi talabalarimizg‘a, Qozon va Orenburg madaniyat va maorif xodimlariga, yosh shoirimiz Botu o‘rtoqqa tashakkurimni bildirib, bilim istab dunyoning har tomoniga yoyilaturg‘on yigit va qizlarimizni “Ko‘paysin!” — deyman (“Turkiston” gazetasi, 1923 yil, 18 dekabr; Turdiev, 1989).

“Buvam buvimga 17 yashar xolamni o‘qishga yuboraman, deganlarida buvim “men qiz bolani qanday qilib 5-6 yilga yuboraman”, deb qarshilik qilganlar”, – deya o‘sha davr voqealarini xotirlaydi Xayriniso Majidxonovaning jiyani, Xolida Qodirova. – “Buvam keyin buvimni tinchlantirib, u yerga borganda oilada turishlarini, o‘zlari xabar olib, pul yuborib turishlarini aytganlar. “O‘qib kesin, odam bo‘lsin”,- deganlar.”

Germaniyada tibbiyot yo‘nalishida tahsil olib, xalq koriga yarashdek ezgu niyatlar bilan qaytgan Xayriniso Majidxonovaning o‘z yurti oldidagi fidokorona faoliyati, afsuski, uzoq davom etmadi. 1937-yil 15-sentabr ertalab Xayriniso Majidxonova ikki begona kishi hamrohligida opasining uyida tashkil qilingan kichkina shifoxonasiga kirib keladi. Bu kun uning jiyani Xolida Qodirovaning yodida alamli xotira sifatida saqlanib qolgan: –


“Xolam ko‘pincha sanatoriyada bosh shifokor bo‘lib qolardilar. Bir kuni bevaqt eshik taqilladi. Ochsak, rangi oqargan xolam turibdi, orqasida ikkita begona odam. Biz juda ham qo’rqib ketdik. Xolam “Qo‘rqmanglar, qo‘rqmanglar”, – dedilar. Kirib butun uyimizni titishdi. Ko‘p qog’ozlar, ko‘p jurnallarni yig‘ishtirishdi. “U yaqqa o‘tma, bu yaqqa o‘tma, u yerga o‘tirma”,-deb meni ham u yoqdan bu yoqqa haydashyapti. Xolamga – “Mundoq turing… Siz aralashmang… Ko‘rsating, qayerda qog‘ozingiz bor?… Qayerda jurnalingiz bor?”- deyishyapti. Biz titrab, qaltirab turibmiz ularning vahimasiga. Faqat qog‘oz…Ular boshqa narsa qidirgani yo‘q, jurnal, qog‘oz, yozuv, chizuv. Hammasini oldi. Katta sandig‘imiz bor edi, yog‘och sandiq. Uni ochib butun jurnallar, kitoblar – Abdulla Qodiriyning kitobi bormi, Cho‘lponning kitobi bormi, Gyotening kitoblari bormi, rasmlar – hammasini hovliga olib chiqib tashlayverdi. Keyin xatlar… Nemis tilida yozilganlarini bu yaqqa ajratib qo’yishdi. Boshqalarini o‘qib, yig‘ib, keyin hammasini yoqdi. Alanga bo‘lib ketdi. Hammasi yonib tamom bo‘lguncha qarab turishdi. Keyin – “Bitta odeyal (yopinchiq) oling, siz biz bilan birga ketasiz”, – deyishdi. Buvim bechara yig‘lab, dod dedilar. Shuning orasida buvam aytdilarki: – Sening yig‘laganingning foydasi yo‘q, mening aybim – men qizimni Germaniyaga o‘qishga yuborganim, 5 yil o‘qitib buni odam qilganim – mening aybim (Mahmudov Sh., Sultonov X., 1998)”

Qamalganidan keyin 1937-yilning oxiri, 1938-yilning boshida oila a’zolariga hech qanday xabar kelmagach, Xayriniso Majidxonovani Sibirga jo‘natishgan degan taxminga kelishdi. 1941-yilda esa ikkinchi jahon urushi boshlandi. Shu bilan qizlarining qaytishiga bo‘lgan umid butunlay so‘ndi. Keyinchalik aniq bo‘lishicha, Xayriniso Majidxonova 1938-yil 9-oktabrda Toshkentda otishga hukm qilingan ekan (Mahmudov Sh., Sultonov X., 1998).

Xorijdagi ko’p yillik erishilgan mutaxassislik darajasi bilan O‘zbekistonga qaytgan talabalarning ko’pchiligi “Germaniya josusi” degan ayb bilan (Alimova, 2006) otib tashlandi, surgunlarga hukm etildi. Bular orasidan faqatgina Maryam Sultonmurodova o‘zining nohaq ayblanganligini isbotlash maqsadida rahbar hukumatga yo‘llagan bir qator maktublari, uzoq yillar davomida olib borilgan yana qayta-qayta surishtiruvlar, so‘roqlar, surgunlardan so‘nggina 1957-yil begunohligi haqidagi oqlov qog‘ozini qo‘lga kiritdi (Turdiev, 1992).


Maryam Sultonmurodova Manba: www.ziyouz.com

Maryam Sultonmurodova Manba: www.ziyouz.com


Maryam Sultonmurodova


1923-yil Buxoro va Xorazm Xalq Sovet Respublikalaridan Germaniyaga o‘qishga yuborilgan talabalar guruhida bo‘lgan (Boltaev A., 2013). Maryam Sultonmurodova bir yil davomida xususiy tarzda nemis tilini o‘rgandi, 1924-26-yillarda Darmshtat o‘qituvchilar tayyorlash maktabida o‘qidi. 1926-1927-yillarda esa Berlindagi maktabda amaliy mashg‘ulotlarda bo‘lib, hamshiralar tayyorlaydigan kursda ham tahsil oldi. 1928-yili O‘zbekistonga qaytdi (Mahmudov Sh., Sultonov X., 1998).

Sherali Turdiyev o’zining “Ular Germaniyada o‘qigan edilar” maqolasida (1992) shuni bildirib o‘tadiki, Maryam Sultonmurodova 1937 yil 13 sentyabrida allaqanday millatchilik tashkiloti a’zosi sifatida 10 yilga qamoqqa hukm qilinib, 1939-yildan 1947-yil 13-sentyabrgacha Kolimadagi “Dalstroy” lagerida ishlaydi. 1947-yil ozod qilingan bo‘lsa-da, Maryam Sultonmurodova “1922—1928 yillarda Germaniyada o‘qishda bo‘lganida mashhur millatchi muhojirlar yo‘lboshchilari Mustafo Cho‘qayev va Olimjon Idrisiylar tomonidan tuzilgan hamda rahnamolik qilingan millatchi josuslar tashkiloti bo‘lgan “Ozod Turkiston” tashkilotining a’zosi” degan ayblov bilan 1949-yil yana qamoqqa olinadi. Yuqorida nomi keltirilgan maqolada aytilishicha, Maryam Sultonmurodova kundaliklarida o‘zining maxsus majlis qarori bilan Krasnoyarsk o‘lkasiga surgun qilganligi haqida yozadi. Keyinchalik o‘zining begunoh ekanligini isbotlovchi keskin tafsilotlar bilan to‘la arizani 1956 yil boshida SSSR Bosh prokuroriga yo‘llaydi. U ushbu arizasida quyidagilarni ham ta’kidlagan:


“Muhtaram o‘rtoq Ittifoq prokurori! Sizga inqilobiy qonunlarni to‘g‘ri o‘tkazishning mas’ul nazoratchisi sifatida ham, inson sifatida ham murojaat qilaman. Menga nisbatan katta adolatsizlik bo‘lgan va sovet qonunlari buzilgan deb o‘ylayman… Mening vijdonim pok. Mening yagona xatoyim, u ham bo‘lsa, Germaniyaga o‘qishga ketishga rozilik bildirganim… Agar shu mash’um xatom bo‘lmaganda, taqdirim ham tamoman boshqacha bo‘lardi va men bugungiday baxtsiz odam bo‘lib o‘tirmasdim. Men adolatsiz kechgan ishlardan nihoyatda azoblanmoqdaman. Bu qalbaki tuhmatlardan qariyb 20 yillar davomida faqat mengina emas, mening bolalarim, aka-singillarim va onam ham azob tortdilar va hamon tortib kelmoqdalar. Shuning uchun sizdan mening ishimni qayta ko‘rishingizni va guvohsiz gunohlarimdan qutqarishingizni so‘rayman”.

Ushbu arizasi natijasida Maryam Sultonmurodova 1956 yil 13 oktyabrda yana bir bor so‘roq qilinadi va so‘roqlarda vijdonan pok ekanligini o‘zining batafsil javoblarida ifodalashga harakat qiladi. Masalan, so‘roq jarayonida quyidagi kabi savol-javoblar bo’lgan (Turdiev, 1992):


“Savol: 1922 yildan to 1924 yilgacha siz bilan Berlin shahrida kimlar o‘qigan edi?

Javob: Bu davrda Xayriniso Majidxonova va Olimjon Qodirovlar (millati tatar bo‘lib, taxminan 1895 yilda Qoraqalpog‘iston ASSRning To‘rtko‘l shahrida tug‘ilgan va u bilan do‘stona munosabatda edik) bilan birga o‘qidim.

Savol: “Turkiston talabalar uyushmasi” tashkiloti majlislarida qanday masalalar muhokama qilinardi?

Javob: Tashkilot majlislarida talabalarni o‘quv yurtlariga joylashtirish va ularning moddiy ta’minoti hamda boshqa masalalar muhokama qilinardi.

…..

…..

Savol: 1937 yil 21 dekabrdagi so‘roqda bergan ko‘rsatmangiz o‘qib berildi. Unda sizning talabalar yig‘ilishiga shaxsan ishtirok etganingiz va u yerda Olimjon Idrisiyning Sovetlarga qarshi panislomistik ruhidagi suhbatlar o‘tkazganligi ko‘rinib turibdi. Hozir siz shu bergan ko‘rsatmalaringizni tasdiqlaysizmi?

Javob: Menga o‘qib eshittirilgan 1937 yil 21 dekabrdagi ko‘rsatmani tasdiqlamayman, shaxsan men bunday ko‘rsatma bergan emasman. Meni so‘roq qilgan vaqtlarida menga faqat protokolga qo‘l qo‘yishga berardilar va u yerda nima yozilganini o‘qib ham berishmas va o‘qigani menga bermas edilar.

Mazkur hujjatlar mazmunini o‘qib berishni talab qilganimda, qo‘limdagi yosh go‘dagimni tortib olamiz, deb qo‘rqitardilar va men so‘roq protokollarining mazmunini bilmagan holda unga qo‘l qo‘yishga majbur edim”.

Shundan so’ng 1957 yil 23 sentyabrida Maryam Sultonmurodovaning qo‘liga begunohligi, uning jinoyati bo‘lmaganligi haqidagi rasmiy oqlov qog‘ozini berishadi (Turdiev Sh., 1992).

Millatning ma’naviy-ma’rifiy ravnaqiga hissasi qo‘shish, o‘z bilimi, xorijning nufuzli universitetlarida to‘plagan necha yillik tajribasi orqali insonlarning og‘irini yengil qilish niyatida bo‘lgan ziyolilarga hukumat to‘ralari yovga qaralgandek munosabatda bo‘lishdi. Ota-onalar farzandlaridan, bolalar yaqinlaridan, eng muhimi, yurt ziyoli, bilimli, yetuk kelajak sohibi bo‘lishi kutilayotgan ilg‘or fanlarning tajribali mutaxassislaridan judo qilindi.


Abdulvahob Murodiy Manba: www.ziyouz.com

Abdulvahob Murodiy Manba: www.ziyouz.com


Abdulvahob Murodiy


Shu o‘rinda maqolamiz boshida to‘xtalib o‘tganimiz Abdulvahob Murodiyning ham taqdiriga bir oz to‘xtalib o‘tsak… 1927—1928 yillarda Germaniyadan kelgach, tog‘alari unga Balandmachitdan hovli olib berishgan, uning nemis rafiqasi, bir farzandi bo‘lgan. Hatto Eshonxo‘ja degan tog‘asi qizi Ma’murani nemischani o‘rgansin, deb ularning tarbiyasiga bergan. Xotini odamlar bilan o‘zbekcha muomalada bo‘lgan. Murodiyning o‘zi esa O‘rta Osiyo davlat dorilfununi qishloq xo‘jaligi fakultetida hamda hozirgi Shreder nomidagi bog‘dorchilik va ziroatchilik ilmiy-tekshirish institutida ishlagan, o‘ta madaniyatli va ma’rifatli kishilardan sanalgan (Turdiev Sh., 1992).

Olim Sherali Turdiyevning ta’kidlashicha, Abduvahob Murodiy qamalgach, keyinchalik uning nemis rafiqasi turmush o’rtog’ini qutqarish imkoniyatini topmay, bolasi bilan Germaniyaga ketib qolgan. Lekin hanuzgacha Abduvahob Murodiyning qanday ayb bilan qamalgani va qachon, qayerda vafot etgani, oila a’zolarining so‘nggi taqdirlari nima bo‘lganligini hech kim bilmaydi.

Abduvahob Murodiy to‘g‘risida chiqarilgan hukmda shunday deyilgan (Turdiev Sh., 1992):

“1930 yil 25 aprelida hibsga olingan. “Milliy istiqlol” a’zosi va uning fikrlarini targ‘ib qilishda va xorijda bo‘lgan vaqtida Sovetlarga qarshi millatchilik ishlarida qatnashganlikda ayblangan. OGPU (sobiq SSSR Xalq Komissarlari Soveti qoshidagi Maxsus Davlat Siyosiy boshqarmasi) kollegiyasining 1931 yil 25 apreldagi Abduvahob Murodiyni otish haqida chiqargan qarori 10 yil qamash bilan almashtirilgan.”

Biz maqolamiz davomida faqatgina xorijda ta‘lim olib qaytgan talabalarning ayrimlari haqidagina suhbat qurdik. Germaniyada ta‘limini davom ettirayotgan talabalar ham xorijda zamonaviy bilimlarni egallab qaytgan ilm ahliga nisbatan amalga oshirilayotgan xunrezliklardan xabar topib, tinchlarini yo‘qotishdi. Lekin “barchasi iziga tushib ketgach albatta qaytamiz” degan ilinj ila dilga ona Vatan sog‘inchini tugib, o‘zga yurtlardan qo‘nim topishlariga to‘g‘ri keldi.

Germaniyadan so‘ng asosan Turkiyaga ko‘chib o‘tgan talabalar u yerda bog‘dorchilik, kimyo, ziroat va boshqa ko‘plab ilm sohalarida ham misli ko‘rinmagan ilmiy yutuqlarga erishishdi. Qayerda bo‘lishmasin ilm-fandagi o‘z tajriba va mahoratlarini yoshlarga yetkazib berish va o‘lkamiz haqida yoshlarni ko‘proq xabardor qilish yo‘lida fidokorona xizmatlar qilishdi.


Tohir Chig'atoy Manba: "Ular Germaniyada o‘qigan edilar" filmi

Tohir Chig’atoy Manba: «Ular Germaniyada o‘qigan edilar» filmi


Tohir Chig’atoy


Jumladan, 1922-yil Germaniyaning Haydelberg universitetida falsafa, sotsiologiya va iqtisodni o‘rgangan, 1930-yil doktorlik unvonini yoqlagan Tohir Chig‘atoy (Tohir Shokirov) haqida xotirlab o‘tish o‘rinli. U 1931-yildayoq “Turkistonning yer osti boyliklari” nomli kitobini chop ettirgandi (Hayitov, 2007, s.116). Tohir Chig‘atoy 1939-yildan Anqara universitetining til, tarix, jug‘rofiya fakultetida ishlay boshlagan. Shogirdi Shokir Turonning xotirlashicha, u bor puliga hamisha Turkiston tarixi, madaniyati, iqtisodi, siyosati, san’atiga oid kitoblarni sotib olib shogirdlariga tarqatgan. «U o‘zi uchun, o‘zining maishati, tirikchiligi uchun pulni ayar, ammo Turkiston uchun aslo ayamas edi»-Shokir Turon (Mahmudov Sh., Sultonov X., 1998).


Ibrohim Yorqin Manba: "Ular Germaniyada o‘qigan edilar" filmi

Ibrohim Yorqin Manba: «Ular Germaniyada o‘qigan edilar» filmi


Ibrohim Yorqin.


1924-1927-yillarda Berlin oliy ziroat maktabini bitirgan. Berlin chorvachilik institutida, keyinchalik Vengriyada ishlagan. 1929-yilda Budapesht universitetida venger tilida yozilgan “Turkiston jug‘rofik shaharlarida chorvachilik” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan. O‘zbek, nemis, rus, venger, fransuz, ingliz va fors tillarini bilgan. 1930-yili Turkiyaga kelib, 1972-yilga qadar Anqara universitetining qishloq xo‘jalik fakulteti chorvachilik bo‘limida o‘qituvchi, professor, kafedra mudiri bo‘lib xizmat qilgan. Ushbu dargohda 12 yil birga xizmat qilgan Professor Oyxon Elchinning ta’kidlashicha, Ibrohim Yorqin faqatgina zootexnika ilmi bilan shug‘ullanib qolmasdan, balki bo‘sh vaqtlarini, uzun kechalarni Turkistonning tarixi, iqtisodi, madaniyati, qo‘yingki Turkistonning butun hayotini o‘rganishga bag‘ishlagan (Mahmudov Sh., Sultonov X., 1998). – U millatparvar, vatanparvar olim edi, – deya unga o‘z hurmatini izhor etadi Professor Oyxon Elchin.

Taqdir taqozosi bilan muhojirlikda hayot kechirishga majbur bo‘lgan Turkiston ziyolilari o‘zlari qo‘nim topgan yurtda qanchalik hurmat, obro‘ga erishgan bo‘lishmasin, qalblarida Vatan va yaqinlar diydori armon bo‘lib qoldi. Lekin ular umrlarining oxirigacha o‘z qasamyodlariga sodiq qolib, dunyo ilm-fani yutuqlarini o‘rganib, ilmiy salohiyatlari orqali, kitoblari, izlanishlari orqali Turkiston ma’rifatining ravnaqi, uning rivoji uchun samarali hissa qo‘shishdi.

“Milliy uyg‘onish” deb nom olgan jadidchilik harakatining yetakchi namoyondalaridan Mahmudxo‘ja Behbudiy (1913) ham o‘zining “Yoshlarg‘a murojaat”ida zamonaviy ilmlarni o‘rganish borasida olib boriladigan harakatni qo‘llab-quvvatlagan:


“Bas, ma’lum bo‘ldiki, hozirgi zamon ishlarig‘a xoh tijorat va hukumat va san’atxonalarga bo‘lsun, kirib vazifa olmoqg‘a va ish qilmoqg‘a ilmi zamoniy degan nimarsa lozim ekan va har kim baqadar bilgusi vazifa olur ekan. Bas, siz muhtaramlar ham o‘z avlodingizni va aziz bolalaringizni, agarda xohlasangizki, sizdan ko‘ra taraqqiy etsa, din va millatg‘a xizmat etsa. (Din va millatg‘a xizmat ilm va oqcha ila bo‘lur.) Hamvatanlarimiz mulkini sotib to‘y qilganidek siz-da, hatto, lozim bo‘lganda mulkingizni sotsangizda o‘g‘lingizni zamoncha o‘qumoqig‘a sa’y qilsangiz. To‘yga isrof qilinaturgon oqchalarni o‘qumoq yo‘lig‘a sarf qilsangiz!”

Darhaqiqat, ilmga ochilgan bugungi keng imkoniyatlardan foydalangan holda, hayotimizning har bir lahzasini ta’lim olishga, ilmimiz orqali millatga manfaat keltirishga jiddu jahd qilishimiz lozim. Toki ma’rifat yanada keng quloch yoysin… Toki yuqoridagi kabi ziyolilarning xayrli ishlarini davom ettira oladigan avlodlar shakllansin. Shunday ekan, vaqtimizni, Yaratgan bizga taqdim etgan qubbai hofizamizni xolis ilm olishga bag‘shida etaylik!


Fotosuratlar Sherali Turdiyevning Ziyouz.com portalida keltirilgan “Ma‘rifat qaldirg‘ochlari” nomli maqolasidan hamda “Ular Germaniyada o’qigan edilar” hujjatli fimlining lavhalaridan olindi.


Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Alimova, D.A. (2006). O‘zbekiston tarixi (1917-1911-yillar): 10-sinf o‘quvchilari uchun darslik. Toshkent: “Sharq”.

2. Behbudiy, Mahmudxo‘ja (1913). Yoshlarg‘a murojaat. “Oyna” jurnali (1914 yil, 21-son, 390—391-sahifalar). Olingan manba: http://n.ziyouz.com/matbuotuz/jadid-matbuoti/mahmudxo-ja-behbudiy-yoshlarg-a-murojaat-1913

3. Hayitov, Sh. (2007). Muhojirlik na shodlik na g‘am. Buxoro. Olingan manba: Boltaev Azam (2013). Xorijdagi turkistonliklarning milliy matbuoti va uyushmalari (1917-1991-yillar) dissertatsiya. http://www.library.ziyonet.uz/uz/book/download/20989

4. Hayitov, Sh., Sobirov, N., Legay, A. (1992). Xorijdagi o‘zbeklar. Toshkent: “Fan”.

5. Ibrohimov, A. (1993). Toshkentning bir yaprog‘i. O’zbekiston adabiyoti va san‘ati (1993 yil, 28 may). Olingan manba: Boltaev Azam (2013). Xorijdagi turkistonliklarning milliy matbuoti va uyushmalari (1917-1991-yillar) – dissertatsiya. http://www.library.ziyonet.uz/uz/book/download/20989

6. Gaspirali, Ismoilbek (2006). Hayot va mamot masalasi. Toshkent: “Ma‘naviyat”.

7. Mahmudov, Shuhrat (rejissor), Sultonov, Xayriddin (senariy muallifi), Husanov, Anvar (direktor) (1998). Ular germaniyada o‘qigan edilar 1-qism, 2-qism (hujjatli film). O‘zbekiston: “O‘zbekkino” davlat aksionerlik tashkiloti, SDF ochiq turdagi aksionerlik jamiyati.

8. Turdiev, Sherali (1989). Ma‘rifat qaldirg‘ochlari. “Turkiston” gazetasi (1923 yil, 18 dekabr). Olingan manba: http://n.ziyouz.com/matbuotuz/qayta-qurish-davri-matbuoti/sherali-turdiyev-ma-rifat-qaldirg-ochlari-1989

9. Turdiyev, Sherali (1992). Ular Germaniyada o‘qigan edilar. “Sharq yulduzi” jurnali (1992 yil, 10-son). Olingan manba: http://n.ziyouz.com/matbuotuz/qayta-qurish-davri-matbuoti/sherali-turdiyev-ular-germaniyada-o-qigan-edilar-1992

10. Turdiev, Sherali (2009). Tarixga yangicha nazar. “Jahon adabiyoti” jurnali (2009 yil 9-son). Olingan manba: http://n.ziyouz.com/matbuotuz/hozirgi-davr-matbuoti/sherali-turdiyev-tarixga-yangicha-nazar-2009


Manba